AQSh va Buyuk Britaniya kabi an'anaviy ta'lim markazlari xorijiy talabalar uchun qoidalarni qat'iylashtirayotgan bir paytda, boshqa davlatlar iste'dodli yoshlarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Natijada chet elda o‘qishni rejalashtirayotganlar uchun nafaqat sifatli ta'lim, balki moliyaviy jihatdan ham foydali sharoitlar paydo bo‘ldi.
Germaniya va Avstriya davlat universitetlarida nisbatan arzon yoki bepul ta'limni taklif etadi. Germaniyada ko‘plab davlat universitetlarida o‘qish bepul bo‘lib, bitiruvchilarga diplom olgandan so‘ng 18 oy davomida ish izlash imkoniyati beriladi. Talabalar o‘qish davomida qonuniy ravishda ishlashlari ham mumkin.
Janubiy Koreya va Yaponiya texnologiya, sun'iy intellekt va biznes yo‘nalishlariga qiziqqan talabalar uchun jozibador yo‘nalishlarga aylandi. Janubiy Koreya ingliz tilidagi dasturlar sonini oshirib, Samsung, LG va Hyundai kabi yirik kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkoniyatini kengaytirdi. Yaponiya esa J-Find dasturi orqali bitiruvchilarga ikki yil davomida ish yoki biznes imkoniyatlarini izlash huquqini beradi.
BAA va Malayziya ham xalqaro talabalar uchun qulay alternativalarga aylandi. Dubay va Abu-Dabida dunyoning nufuzli universitetlari filiallari faoliyat yuritmoqda. A'lo o‘qigan talabalar uzoq muddatli Golden Visa olish imkoniga ega. Malayziya esa Britaniya ta'lim dasturlarini nisbatan arzon yashash xarajatlari bilan taklif qilib, narx va sifatning yaxshi uyg‘unligini yaratmoqda.
Bugungi kunda universitet tanlashda nafaqat reyting, balki stipendiyalar, ishlash huquqi, bitirgandan keyingi vizalar va davlat qo‘llab-quvvatlash dasturlarini ham hisobga olish muhim. Global ta'lim bozori tobora talabalar manfaatiga ishlamoqda va ayni payt xorijda ta'lim olish uchun qulay imkoniyatlar davri hisoblanadi.