Madaniy Tafovut

Ko'rilgan: 4777

Bahromov Subhonjon
Sapienza Universiteti, Rim  

Samolyot Rimga qo‘ngan payt, oynadan qarasam – to‘q yashil tepaliklar, qadimiy g‘ishtli tomlar, va notanish odamlar. “Mana, hammasi shu yerdan boshlanadi,” deb o‘ylay boshladim.  Qo‘lda og‘ir chamadon, boshda esa ming xil savol: bu yangi hayotni yengib o‘ta olamanmi?
Birinchi kunlarim eng qiyin bo‘lgan. Masalan, avtobusga chiqmoqchi bo‘lganimda, qanday qilib bilet olishni ham, uni qanday ishlatishni ham tushunmaganman. Biletni avtobusda emas, do‘kondan yoki maxsus mashinkadan olish kerakligini keyin bildim. Yana bir gal biletni olib, lekin uni avtobus ichidagi kichik sariq apparatda “kompostirovka” qilishni unutibman. Shunda haydovchi menga qaraganida, o‘zimni juda noqulay his qilganman.

Universitetning o‘zi tarixiy binoda joylashgan – baland shiftlar, eski yog‘och derazalar, har bir devorda o‘tmish nafasi bor. Kutubxonasiga birinchi kirganimda jimjitlik shu darajada edi-ki, yurak urishimni eshitgandek bo‘ldim. Kitoblar tokchada tartib bilan terilgan, talabalar qattiq diqqat bilan o‘qishmoqda. Hech kim telefonga qaramaydi, hech kim ovoz chiqarmaydi. Boshida bu tartib menga g‘alati tuyulgan, lekin vaqt o‘tishi bilan bu tinch muhitda bilim olishning zavqini his qila boshladim.

Italiyalik talabalar o‘qishga juda jiddiy qarashadi, ayniqsa o‘z sohasi bo‘yicha qattiq ishlashadi. Ular darslarda juda faol, fikr bildirishda tortinmaydi. 
Kutubxonalardan tashqari, kampusdagi kichik kofe burchaklari ham talabalar hayotining bir bo‘lagi. Har darsdan keyin u yerda espresso yoki cappuccino olib dars, futbol, hayot haqida suhbatlashishadi. Kofe bu yerda ichimlik emas – bu ijtimoiy aloqa vositasi.

Italiyaliklar bilan gaplashish ham boshida qiyin bo‘lgan. Ular gapirganda juda ko‘p qo‘l harakatlari qiladilar, ba’zan baland ovozda gapirishadi. Dastlab bu menga “ular menga baqiryaptimi?” degan o‘y keltirgan. Keyin bilsam, bu ularning odati – ular hissiyot bilan gapirishadi, jonli va ochiqchasiga fikr aytishadi. Boshida ajablanganman, lekin asta-sekin bunga ham ko‘nikdim.Do‘konga kirganimda sotuvchi “Salve! yoki Ciao!” deb kulib qarshi oladi, chiqayotganimda esa “Buona giornata!” – “Yaxshi kun tilayman” deb xayrlashadi. Avvaliga bu samimiylik shunchaki protokoldek tuyulgan, lekin vaqt o‘tishi bilan ularning ko‘zida rostgo‘ylikni ko‘rdim.

Rim – bu shunchaki shahar emas, bu tirik muzey. Ertalab Kolizey atrofida tuman ichidan chiqqan quyosh, tor toshli ko‘chalarda qadimiy derazalardan osilib turgan gullar, kechqurun esa Pantheon oldida chalayotgan ko‘cha musiqachilari... Har bir burchak tarix va go‘zallik bilan yashaydi.

Ovqatlari esa chinakam san’at: haqiqiy pasta – soddaligi bilan ajralib turadi, margherita pitsa esa oddiy ko‘rinsa-da, har bir luqmasida Italiya ta’mi bor. Har kuni yangi non, yangi pishloq, zaytun moyi va, albatta, gelato – Italiyani faqat ko‘rmay, tatib ham bilasiz.

Hali ham uyimni, oilamni, do‘stlarimni sog‘inaman. Lekin aynan mana shu sog‘inch, mana shu yangi muhitda yashash tajribasi meni kuchliroq qilib bormoqda. Culture shock og‘riqli bo‘lishi mumkin, lekin u seni o‘stiradi, fikrlash doirangni kengaytiradi. Va bu yo‘l davomida o‘zingni ham, dunyoni ham boshqacha ko‘ra boshlaysan.

Tuxliboyev Muhammadali
APU Universiteti, Malayziya

Men birinchi marta Malayziyaga samolyotdan tushganimda, o‘zimni go‘yoki boshqa sayyoraga tushgandek his qildim. Hammasi shu darajada g‘ayrioddiy ediki — nam va issiq havo, tabassum bilan qarshi oluvchi notanish odamlar, men deyarli tushunmaydigan til. Bu mening ilk haqiqiy “boshqa dunyoga sho‘ng‘ishim” edi va bu bir vaqtning o‘zida hayajonli ham, qo‘rqinchli ham edi.

Birinchi hafta o‘zimni xuddi tush ko‘rayotgandek his qilardim. Do‘konlarda adashdim, avtobus yo‘nalishlarini chalkashtirdim, qachon salomlashish, qachon tabassum qilish kerakligini bilmasdim. Hatto taomlar — juda achchiq va xushbo‘y — dastlab menga ishtaha emas, madaniy shok olib keldi. Uyimni, onamning oshxonadagi suhbati, mahallamizdagi hidlarni sog‘indim. Ba'zida "Men buni uddalay olmayman", deb o‘ylardim.

Ammo har kun o‘tgan sayin boshqacha narsalarni sezishni boshladim. Bu yerda odamlar juda mehribon. Bir kuni begona inson yo‘ldan adashganimni payqab, meni universitet kampusigacha kuzatib qo‘ydi. Mahalliy talabalar o‘qishda yordam taklif qilishdi – kimdir hatto menga duriyani qanday to‘g‘ri yeyish kerakligini tushuntirdi. Bu esa juda kulgili va bir oz dahshatli tajriba bo‘ldi.

Men do‘stlar topdim. Haqiqiy do‘stlar. Malayziya, Indoneziya, Misr, Pokiston, Eronlik do‘stlarim bilan faqat o‘qish emas, balki bir-birimizning madaniyatimizni o‘rgandik. Biz polga o‘tirib qo‘llarimiz bilan ovqat yedik, tepalikdan quyosh botishini tomosha qildik, orzularimiz va qo‘rquvlarimiz bilan bo‘lishdik, din, erkinlik, oila haqida suhbatlashdik. Men tushundimki, bu tajriba — shunchaki o‘qish emas. Bu ulg‘ayish, o‘zini anglash, dunyoni tushunish edi.

Men ko‘p joylarga bordim. Kemeron Xaylands tog‘lariga chiqdim, Penangdagi tungi bozorda yurdim, Langkavi orolida qayiqda sayohat qildim, Petronas minoralari yonida tong otishini kutdim, tropik plyajlarda vaqtni unutdim. Malayziya menga hayotim davomida ko‘rishga umid qilmagan darajada go‘zalliklarni ko‘rsatdi.

Endi kimdir menga “Chet elda hayot qanday?” deb so‘rasa, men endi "qiyin" deb javob bermayman. Men aytaman: “Hayot o‘zgaryapti — men ham.” Ha, men hali ham uyimni sog‘inaman. Lekin endi bilamanki, men o‘zim bo‘la olaman, hatto eng notanish joyda ham. Va eng muhimi — men yolg‘iz emasman.

 



Do'stlaringiz bilan bo'lishing
Iltimos, menga qo'ng'iroq qil!