“Yurtdan chiqqan kundan boshlab pulingizni qanday boshqarish kerak?”

Ko'rilgan: 1165

Chet elga o‘qishga chiqish – bu faqat samolyot, viza, yangi pasport emas. Bu – butunlay yangi hayot. O‘zingizga begona til, begona muhit, begona qonunlar – va, albatta, begona valyuta. Hamma narsa yangicha ishlaydi. O‘zbekistonda oyiga 3 million bilan bemalol yashagan bola Italiyada 500 yevro yetmasligini sezadi. Aynan mana shu o‘tish jarayonida ko‘pchilik talaba moliyaviy stressga tushadi: “Qayerga qancha ketdi?”, “Endi nimaga yetmayapti?”, “Uydagilardan yana so‘rash noqulay...”

Men senga birinchi kundanoq pulni boshqarishni o‘rganish kerakligini aytmoqchiman. Bu qo‘rqinchli emas. Faqat o‘ylab, o‘lchab, yuritiladigan hayotiy tartib kerak. Ko‘pchilik xorijga faqat O‘zbekistondagi kartasi bilan boradi. Lekin bu xatolik – har bir to‘lovda konvertatsiya yutadi. Shuning uchun birinchi qilinadigan ish – mahalliy bank kartasini ochish. Har bir davlatda talabalar uchun qulay kartalar bor: Italiyada – PostePay, Koreyada – KEB Hana, Malayziyada – CIMB. Yana yaxshi variantlar: Wise yoki Revolut – ular orqali bir necha valyutani bir ilovada yuritib bo‘ladi.

Keyin esa keladi pul almashtirish muammosi. Aeroportdagi ayirboshlash punktlaridan uzoq bo‘l. U yerda kurs chiroyli ko‘rinadi, lekin yashirin komissiya bor. Faqat kerakli miqdorni, zarur vaqtda almashtir. Ba’zi joylarda bozor kursi banknikidan ancha foydaliroq bo‘ladi – lekin bu faqat ruxsat etilgan joylarda xavfsiz.

Pul yuborish masalasiga kelsak – iloji boricha xalqaro transfer tizimlariga o‘ting. Zolotaya Korona yoki Western Union hali ham ishlaydi, lekin ular sekinroq va qimmatroq. Yaxshi alternativalar: Wise, PaySend yoki kripto orqali yuborish – tez, xavfsiz va qulay.

Yana bir haqiqat: ko‘pchilik birinchi oylarda pullarni haddan tashqari sarflab yuboradi. Chunki “hayotdan zavq olish kerak” degan fikr ustun bo‘ladi. Albatta, hayotdan zavq olish kerak, lekin oldin ijarani to‘lashga pul qolsin. Shuning uchun, o‘zingizga qoidalar yarating. Masalan, har oy 70% yashash xarajatlariga, 20% jamg‘armaga, 10% – o‘zingizni mukofotlashga. Va albatta – hamma xarajatlarni yozib boring. Telefoningizda Wallet yoki Monefy ilovasi bo‘lsa, pulingizni nazorat qilish siz o‘ylagandan osonroq bo‘ladi.

Ishlash haqida ham ikki og‘iz. Ko‘pchilik davlatlarda talabalarga haftasiga 20 soatgacha ishlash huquqi bor. Lekin darslar bilan birga ishlash charchatadi. Shu sababli faqat daromad emas, o‘z sog‘lig‘ingiz va darslaringizga ham qarang. Balki kampusdagi kutubxona, kafedagi ofitsiantlik, yoki o‘zingiz biladigan biror onlayn servis orqali ishlash siz uchun to‘g‘ri yo‘l bo‘lar.

Va nihoyat, esda tuting: xorijda yashash ko‘nikma talab qiladi. Pulni tejash – bu och yurish emas, bu oqilona hayot. Talabalik yillari moliyaviy mustaqillikni o‘rganish uchun eng zo‘r maktabdir. Har bir to‘lov, har bir oylik byudjet – bu sizning kelajakdagi kattaroq qarorlaringizga asos yaratadi.

Yangi valyutada yangi hayot boshlanayapti. Pulga emas, o‘zingizga xo‘jayin bo‘ling.



Do'stlaringiz bilan bo'lishing
Iltimos, menga qo'ng'iroq qil!