Xitoy haqidagi qiziqarli savollarga talabalarimizdan tajribaga asoslangan javoblar!
Xitoyda oʻqishni rejalashtirayotgan yoki shunchaki qiziqayotganlar uchun 3 nafar talabamizdan oʻz tajribalari haqida soʻradik. Ularning samimiy javoblari qaror qabul qilishda yordam beradi.
Suhbatdoshlarimiz:
Ulugʻbek: Beijing Jiaotong University
Hojiakbar: Communication University of Zhejiang
Ruxshona Xaliknazarova: China Jiliang University
1. Universitetga kelganingizdan keyingi umumiy taassurotingiz qanday?
Ulugʻbek: Birinchi kelganimda nima qilishni bilmay biroz qiynaldim. Lekin soʻrab-surishtirib, tez moslashib oldim.
Hojiakbar: Yaxshi, umuman olganda yomon emas. Oʻzbekistonlik tanishlar ham bor, qolganlari yangi tanishlar.
Ruxshona: Universitet yaxshi, katta qulayliklari joyida. Markazdan sal chetroqda ekan, lekin hamma sharoitlar bor.
2. Universitet va ta’lim jarayoni siz kutganingizga mos kelyaptimi?
Ulugʻbek: Ta’lim jarayoni oʻylaganimdan ham yaxshi. Qulay xonalar va malakali professorlar odamni yanada koʻproq oʻqishga undaydi.
Hojiakbar: Oʻqish 29-sanadan boshlanar ekan, biroz kechroq. Lekin hozircha oʻqituvchilar bilan bogʻliq muammo yoʻq.
Ruxshona: Ha, kutganimdan ham yaxshi.
3. Darslar qanday oʻtadi: qiyinmi yoki moslashish osonmi?
Ulugʻbek: Darslarga moslashish juda oson va tushunarli.
Ruxshona: Bu har kimning bilimiga bogʻliq, lekin har bir student tez moslashib ketadi.
4. Oʻqituvchilar xalqaro talabalar bilan qanday munosabatda?
Ulugʻbek: Xalqaro talabalarga xitoylik talabalarga qaraganda koʻproq va muloyimroq munosabatda boʻlishadi.
Hojiakbar: Juda yaxshi. Ingliz tilini bilmasangiz ham yordam berishga harakat qilishadi.
Ruxshona: Munosabatlari juda yaxshi, har bir narsani asta-sekin tushuntirib oʻtishyapti.
5. Universitetdagi registration jarayoni qanday oʻtdi?
Ulugʻbek: Registratsiya bir kunda, hech qanday muammosiz hal boʻldi.
Hojiakbar: Hech qanday qiyinchilik boʻlmadi, yordamchi ustozlarning oʻzi yordam berdi.
Ruxshona: Yaxshi va tez oʻtdi. Volontyorlar yoʻl koʻrsatib, yordamlashishdi.
6. Talaba ketishidan oldin universitet haqida nimalarni bilishi kerak?
Ulugʻbek: Universitetning joylashuvi va sharoitlarini bilib borish kerak deb oʻylayman.
Hojiakbar: Oʻqish boshlanadigan aniq sana, qanday toʻlovlar borligi va albatta pul masalasi.
Ruxshona: Asosiysi ta’lim katta rol oʻynaydi. Albatta, binolarni oldindan koʻrib chiqish ham muhim.
7. Xitoyda kundalik hayotda eng qiyin boʻlgan narsa nima?
Ulugʻbek: Ovqat masalasi. Oʻzbek sifatida Xitoyning milliy taomlari menga yoqmadi.
Hojiakbar: Menda Alipay bor, lekin hozircha naqd pul ishlatyapman.
Ruxshona: Juda qiyin narsa yoʻq. Faqat havoga (issiq va dim) moslashish hamda oziq-ovqat mahsulotlari bilan muammo boʻlishi mumkin.
8. Xitoyda xavfsizlik borasida qanday taassurot oldingiz?
Ulugʻbek: Xitoy juda xavfsiz. Odamlari samimiy, hech qanday zoʻravonlikni koʻrmadim.
Hojiakbar: Juda yaxshi. Xavfsizlik qoidalari bor, oʻqish boshlanishida ham buni yigʻilishda alohida aytishar ekan.
Ruxshona: Hozircha juda yaxshi. Kechqurun soat 10 gacha yotoqxona atrofida bemalol yurish mumkin.
9. Yotoqxona, transport va oziq-ovqat xarajatlari haqida nima deya olasiz?
Ulugʻbek: Transport Xitoyda juda rivojlangan, muammo boʻlmaydi. Narxlar Oʻzbekistondagidan juda ham farq qilmaydi. Yotoqxona sharoitlari esa zoʻr!
Hojiakbar: Universitetda oshxona bor, lekin oʻzimiz ovqat pishirishga ruxsat yoʻq. Halol ovqatlar ham bor, topish unchalik qiyin emas.
Ruxshona: Transport ham, narxlari ham juda qulay. Yotoqxonadan esa qoniqmadim: xonalar yomon ahvolda, tozalikka e’tibor kam. Halol ovqatlarni topish mumkin, lekin oʻzi pishirmoqchi boʻlgan talaba uchun goʻsht va sut mahsulotlarini topish biroz qiyinroq.
10. Xitoyga kelgandan keyin qaysi ilovalar eng kerakli boʻldi?
Ulugʻbek: Alipay, WeChat, Meituan, Taobao va Didi.
Hojiakbar: Alipay asosan toʻlovlar uchun, WeChat yozishma va toʻlovlar uchun, DingDing esa guruhlar uchun.
Ruxshona: Alipay, WeChat, DingDing va VPN (uydagilar bilan aloqada boʻlish uchun).
11. Xitoy tilini bilmasdan kelish qanchalik qiyin? Kundalik hayotda ingliz tili yetarlimi?
Ulugʻbek: Men faqat ingliz tilini bilaman, xitoy tilidan umuman bilimim yoʻq. Shunga qaramay, muammoga duch kelmadim. Doʻkon va kafelarga kirganda biroz noqulay boʻlishi mumkin, lekin tarjima ilovalaridan foydalansangiz bas.
Hojiakbar: Yoʻq, ingliz tili yetarli emas. Ba’zi joylarda inglizcha umuman tushunishmaydi. Xitoy tilini shu yerda oʻrgangan yoki oʻrganib kelgan yaxshi.
Ruxshona: Ba’zida yetarli, chunki xitoyliklarning koʻpchiligi inglizchani bir oz tushunadi yoki telefondan koʻrsatib tushuntiradi.
12. Agar Xitoyga ketishdan oldingi holatingizga qaytsangiz, nimalarni boshqacha qilgan boʻlardingiz?
Ulugʻbek: Avval nima qilgan boʻlsam, shuni qilgan boʻlardim.
Hojiakbar: Faqat DingDing ilovasini oldindan yuklab olib qoʻyardim.
Ruxshona: Menimcha hech nimani. Faqat oʻzim bilan xitoycha darsliklarni olib kelardim, chunki bu yerda narxlari juda qimmat.
13. Xitoyda oʻqishning sizga eng yoqqan tomoni nima?
Ulugʻbek: Yoqadigan tomonlari juda koʻp: ta’lim tizimi, xavfsizlik tizimlari va xonalardagi yuqori texnologik jihozlar. Qisqasi, yurtimizga solishtirganda Xitoy har tomonlama rivojlangan.
Hojiakbar: Juda yaxshi, odamlari ham yaxshi, biror muammo boʻlsa yordam berishadi.
Ruxshona: Atmosfera, oʻqituvchilarning munosabati va xavfsiz his qilish. Koʻchada adashib qolsangiz ham, yordam soʻrasangiz bemalol yordam berishadi.
Qoʻshimcha maslahat: VPN haqida!
Hojiakbar: Xitoyda VPN kerak boʻladi. Top VPN (bepul) va Let's VPN (pullik) kabilarni Xitoyga kelishdan oldin yuklab olib qoʻyish kerak, chunki Xitoyning oʻzida yuklab olish juda qiyin.
Xulosa
Uchala talaba ham xavfsizlik, oʻqituvchilarning iliq munosabati va tez registratsiya haqida ijobiy fikr bildirdi. Ularning umumiy maslahatlari: