Bugungi kunda sifatli ta’lim muvaffaqiyatli kelajakning eng muhim omillaridan biridir. Nufuzli xorijiy universitet diplomi, xalqaro tajriba va chet tillarini bilish O‘zbekiston qizlari uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Bunday bilim va ko‘nikmalar ularga yirik kompaniyalar, xalqaro tashkilotlar va davlat muassasalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishga yordam beradi.
Ko‘plab ota-onalarni bir savol o‘ylantiradi: qiz farzandning xorijda o‘qishi xavfsizmi? Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ha. O‘zbekistonlik talabalar ko‘p tanlaydigan Janubiy Koreya, Germaniya, Turkiya, Xitoy va boshqa davlatlarda xavfsizlik masalalariga katta e’tibor qaratiladi.
Universitet kampuslari zamonaviy xavfsizlik tizimlari bilan jihozlangan. Talabalar turar joylari va o‘quv binolariga kirish elektron kartalar orqali amalga oshiriladi, hududlarda videokuzatuv va qo‘riqlash xizmati faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, xalqaro talabalar bo‘limlari talabalarga hujjatlar, sug‘urta, bank xizmatlari va moslashuv jarayonlarida yordam beradi.
Xorijda ta’lim olish nafaqat bilim, balki mas’uliyat hamdir. Darslar, imtihonlar va loyihalar talabalarni intizomli, mustaqil va maqsadga intiluvchan qiladi. Ko‘pchilikning fikricha, xorijda o‘qigan qizlar o‘z milliy qadriyatlarini unutib qo‘yadi. Aslida esa ular vatandan uzoqda bo‘lib, o‘z madaniyati va oilaviy qadriyatlarini yanada chuqurroq qadrlashni o‘rganadilar.
Xorijda ta’lim olgan qiz kelajakda nafaqat malakali mutaxassis, balki mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli va jamiyat rivojiga hissa qo‘sha oladigan shaxs sifatida shakllanadi. Ta’lim qadriyatlarni yo‘qotmaydi, aksincha ularni boyitadi va mustahkamlaydi.