Sizda chet elda o‘qish orzusi bormi? Ammo “Xarajatsiz harakat – 0 ga teng” deganidek, bu yo‘l har doim ham arzon bo‘lavermaydi. Chet elda o‘qish — bu nafaqat diplom olish, balki yangi madaniyatni o‘rganish, chuqur bilimga ega bo‘lish va xalqaro tajriba orttirish demakdir. Albatta, ayrim davlatlarda ta’lim va yashash xarajatlari ancha yuqori, ammo bu — kelajakka qaratilgan katta investitsiya hisoblanadi. Keling, o‘qish uchun eng qimmat, biroq eng ko‘p imkoniyatlar taqdim etadigan 5 ta davlat bilan tanishamiz.
Ushbu ro‘yxatimizning 5-o‘rinida Singapur davlati joylashgan. Osiyoning yuragida joylashgan bu davlat — intellektual markaz sifatida tanilgan. Bu yerda o‘qish $15,000–$35,000 atrofida bo‘lishi mumkin, yashash esa yiliga o‘rtacha $10,000–$16,000 ni tashkil qiladi.
4-o‘rinni esa o‘zining tabiati bilan butun dunyoni lol qoldirgan davlat — Shveytsariya egallagan.
Sokin va xavfsiz hayot, zamonaviy texnologiyalar hamda barqaror iqtisodiyot — Shveytsariyada o‘qish ham hayot tarzi, ham investitsiya hisoblanadi. Ta’lim narxi ko‘pincha $10,000–$30,000, yashash esa $18,000–$25,000 atrofida bo‘ladi.
3-o‘rinda quyoshli ob-havosi, do‘stona jamiyati va kuchli ta’lim tizimi bilan Avstraliya ko‘plab yoshlar e’tiborini tortadi. O‘rtacha kontrakt $20,000–$45,000 atrofida, yashash esa yiliga $12,000–$20,000 gacha borishi mumkin.
2-o‘rinda esa Paddington filmi orqali barchamizga tanish o‘sha Buyuk Britaniya joylashgan.
Uch yillik bakalavr, xalqaro diplom va global e’tirof etilgan oliygohlar — Angliyada ta’lim olish nafaqat samarali, balki ilhomlantiruvchi hamdir. O‘qish narxi odatda $15,000–$35,000 orasida, yashash esa $10,000–$17,000 atrofida bo‘ladi.
Ro‘yxatimizning eng yuqorisida o‘sha hamma bilgan mashhur “Sehrli diyor — Amerika” joylashgan. Dunyoning eng nufuzli universitetlari, boy kutubxonalar, kuchli ilmiy tadqiqotlar — bularning barchasi AQShni talabalarning orzu manziliga aylantiradi. O‘rtacha kontrakt narxi yiliga $25,000–$50,000 gacha, yashash esa joyiga qarab $12,000–$18,000 bo‘lishi mumkin.